XUSHCHAQCHAQ ONANING BOLASI SOGʻLOM
Kulguni o‘rganuvchi fan - gelotologiya tasdiqlaydi: 5 daqiqa davom etgan kulgi 40 daqiqali hordiq o‘rnini bosadi. Axir kulgu - tabiatning insonga ato etgan shifobaxsh vositasidir. Kulgu inson fiziologiyasiga ijobiy ta’sir etib, sog‘liqni asraydi va umrni uzaytiradi.
Hazil-mutoyibaga moyil kulgu shinavandalari kamroq kasallanishi bu - ilmiy isbotlangan fakt. Xo‘sh buning siri nimada?
Amerikalik ruhshunoslar shunday tajriba o‘tkazdilar. Unda o‘n kishi ishtirok etib, rejaga ko‘ra ular bir nechta kulgili videotasvirlarni tomosha qilishlari kerak edi. Tajribadan ikki kun avval, tomosha boshlanishidan o‘n besh daqiqa oldin va tomosha tugashi zahoti mutaxassislar bir nechta ko‘rsatmalar bo‘yicha tajriba ishtirokchilarining ruhiy holatini o‘rgandilar.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘yin-kulgi kutilayotgan vaziyatning o‘zi organizmimiz holatini yaxshilashga xizmat qilar ekan. Tajriba boshlanishidan 2 kun oldin ishtirokchilarda depressiya ko‘rsatkichi 51 foizga, xijillik 36 foizga, charchoq 15 foizga kamaygan. Tomosha yakunlanayotganida esa depressiya 98 foizga, xijillik 75 foizga, charchoq 87 foizga tark etgan.
Tabassum qilish do‘st orttirishga, qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Undan tashqari, optimistlar hazilga tobi yo‘q, tund kishilardan farqli o‘larok, yuqumli kasalliklarga moyil bo‘lishmaydi. Ko‘pgina kuzatuvlar qah-qaha otish vositasida hatto surunkali artrit kasalligini muolaja qilish mumkinligini tasdiqladi. Inson kulganda qon tarkibida og‘riqni qoldiruvchi xususiyatga ega endorfonning hissasi ortadi.
Kulgu mushaklarni bo‘shashtirib, ularga dam berish imkoniyatini yaratadi. Insonning kulguga ta’sirchan bo‘lgan immun sistemasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri stressga bo‘lgan reaksiyaga qarama-qarshi turadi. Yana boshqa ilmiy izlanishlar onalari hazilkash bo‘lgan go‘daklar o‘tkir respirator virus infeksiyasi bilan deyarli og‘rimasligini ko‘rsatadi.
Qah qaha, agar shunday deyish to‘g‘ri bo‘lsa, insonga xuddi ertalabki badan tarbiya, yugurish mashqi singari ta’sir kursatadi: qon bosimi avval tez ko‘tarilib, keyin asta-sekinlik bilan pasayib boradi. Kulgu stressni keltirib chiqaruvchi uchta asosiy gormonni yo‘qotishi ilmiy isbotlangan. Yaqinda esa yaponiyalik olimlar kulguning qondagi qand miqdoriga jiddiy ta’sir kilishini aniqladilar.
Asli kulgi bu nafas olish gimnastikasi. Uning hatto sanskritcha nomi bor: xasyayoga. «Xo-xo» - qorindan (diafragmadan), «xa-xa» yurakdan, «xi-xi» ko‘krak qafasidan chiqadi. Bugungi kunda ichak uzdi kulgi qahqahasi terapevtik ahamiyatga ega.
Kulgiterapiya g‘arb shifoxonalarida allaqachon amalda. Kulgini o‘rganuvchi xalqaro jamiyat kongresslarining birida ta’kidlanishicha, onkologik kasallik bilan og‘rigan bemorlarning kulgiterapiya muolajasini o‘tash davomida sog‘ligi va tibbiy ko‘rsatkichi sezilarli yaxshilangan.
Tabiatan hazilkash insonlar g‘amgin yuradiganlarga qaraganda yurak xastaligi bilan 40 foizga kamroq kasallanar ekanlar. Kulgi astma va bronxit kasalligiga uchragan odamlar uchun eng yaxshi davo mashqlapidan biridir. Odam kulaëtganda o‘pka faoliyati jonlanadi va turib qolgan balg‘amning tozalanishi uchun qonga kislorod olib kiradi.
Shifokorlar kulgini nafas yo‘llaridagi balg‘amni ko‘chirishda ko‘krak qafasini fizioterapiyasiga qiyoslashadi. Gap shundaki, biz kulaëtganimizda organizmimizdagi hamma a’zolarga nisbatan jismoniy bosim oshadi. Kulgidan to‘xtaganimizda tanamiz bo‘shashib, xotirjam bo‘ladi, aniqrog‘i, kulgi paytida bosim bartaraf etiladi. Olimlarning ta’kidlashicha, 1 daqiqa davom etgan samimiy kulgi 45 daqiqali kuchli relaksatsiyaga teng.
Kulgi immunitetni oshiradi. 1 daqiqali samimiy kulgidan keyin nafas yo‘llariga organizmni turli bakteriya va viruslardan himoya qiluvchi katta miqdorda antitela kiradi. 10 daqiqali kulgi qon bosimi ko‘tarilganda uni tushirishi hamda xolesterin toshmalarning paydo bo‘lish ehtimolini kamaytirishi mumkin. Kulgi paytida soatiga 100 kilometr tezlikda o‘pkadan havo chiqadi, bu esa o‘pka faoliyatini o‘ta faollashtiradi. 17 daqiqa davom etgan kulgi umrimizni 1 yilga uzaytirar ekan
Ra’no AHMEDOVA,
tuman tibbiyot birlashmasi terapevt vrachi.
MEHR TOPA OLMAY...
Bizdan sal narida Kurt ismli bir nemis odam oilasi bilan yashar, bu odam urush yillari onasi bilan O‘zbekistonga kelib qolgan va o‘zbeklashib ketgandi. Mahalla-ko‘y uni Karim aka deb chaqirardi. O‘zbekcha tarbiya uning qon-qoniga singib ketgandi. Uning farzandlari o‘z yurtiga qaytishdi. Faqat Karim aka ayoli bilan O‘zbekistonda qoldi.
Keyinchalik farzandlari ota-onasini qo‘yarda-qo‘ymay Germaniyaga chaqirib oldi. Ular u yerda ijara uyda yashay boshladilar. Qo‘ni-qo‘shni bilan kirdi-chiqdi qilmaydigan, yevropacha tarbiya ko‘rgan odamlar orasida yashab, rosa qiynalishdi. Atrofdagilardan o‘zbekona mehrni topa olmadilar.
Shunday kunlarning birida ular o‘g‘illarinikiga mehmonga otlanishibdi. Bizni ko‘rib, o‘g‘limiz xursand bo‘ladi, deb o‘ylab eshigini qoqishibdi. Ne tongki, ostonada paydo bo‘lgan o‘g‘il: «Mehmonga kelayotganingizni nega oldinroq aytmadinglar. Biz keliningiz bilan kinoga ketayotgandik! Buning ustiga taomni ham ikki kishiga tayyorlaganmiz. Boshqa kuni kelarsizlar!» deb eshikni otasining yuziga yopib qo‘yibdi.
Shu kuniyoq, Karim aka O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. O‘g‘lining “ovro‘pocha” qilig‘idan dili og‘rigan. Har doim dasturxoni badastir, mehmonni kulib kutib olib, shu zahoti oshga unnaydigan o‘zbegimdan qo‘ymasin, deb Vatanga qaytgan.
Farida NURMURODOVA
Add new comment