Assalomu alaykum aziz ustozlar!
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!
Mehridaryo muallimlar!
Avvalo siz azizlarni sizlarning timsolingizda uchquduqlik barcha o‘qituvchi va murabbiylarni o‘zining ilmu salohiyati, kuch-g‘ayratini, kerak bo‘lsa butun umrini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng sharafli chin ma’noda mashaqqatli ishga bag‘ishlab kelayotgan muhtaram ustozlarni umumxalq bayrami – “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ustoz-murabbiy deganda barchamizning ko‘z oldimizda qadrdon maktabimiz, bizga alifboni o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimalarimiz siymosi namoyon bo‘ladi. Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz uchun ibrat maktabi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan, siz kabi aziz va moʻtabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlarimiz, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boyligi va xazinasi bilan ham sizlarning oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.
Hayot bor ekan, o‘qituvchilik va murabbiylik kasbi o‘zining ma’no – mazmunini va oliyjanobligini, ahamiyatini va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi. Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning: “Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak" degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz”, degan so‘zlari sizlarning mashaqqatli mehnatlaringizga berilgan baho desak, yanglishmagan bo‘lamiz!
Aziz tumandoshlar!
Bugungi kunda Uchquduq tumanida 19 ta umumta’lim maktabi, 15 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 17 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, Barkamol avlod bolalar maktabi, Bolalar musiqa va san’at maktabi, tuman sport maktabi, “Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, Uchquduq sanoat texnikumi hamda Uchquduq kasb-hunar maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur ta’lim dargohlari va sport majmualarida ta’lim – tarbiya topayotgan iste’dodli yoshlar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda albatta, ilm dargohlarida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning, sport seksiyalar murabbiylarining mehnati beqiyos, albatta!.
Bugun o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar sha’niga eng yaxshi so‘zlarni aytib, ularga ezgu niyatlarimizni bildirar ekanmiz, turli bellashuvlar, olimpiadalar va sport musoqabalarida Uchquduq sha’nini himoya qilayotgan bilimli va iste’dodli bolalarni kamolga yetkazayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Aytish joiz bo‘lsa, bugun “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi!”, degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Buni birgina Uchquduq tumani misolida aytadigan bo‘lsak, so‘nggi uch yilda 5, 7, 10, 14, 15 – sonli maktablarda kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi. 5 – sonli maktabda 220 o‘rinli, 10 - sonli maktabda 360 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurib bitkazilib, o‘quvchilar ixtiyoriga foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida 14 va 15 - sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi. so‘nggi uch yilda mazkur kapital ta’mirlash va qurilish ishlariga jami 27 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlamalari org texnikalar sport va musiqa anjomlari bilan ta’minlash masalalari ham diqqat markazimizdagi ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Qadrli ustozlar!Bugungi bayram kunlarida farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berishda alohida ibrat ko‘rsatayotgan tumanimizdagi peshqadam kasb sohiblarining har birini alohida hurmat va e’tibor bilan tilga olamiz.20-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi To‘ybibi Qadamova, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muhabbat Alimova, 6-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Shohista Arabova, 10-maktabning matematika va informatika fani o‘qituvchisi Xolida Tursunova, 18-maktabning fizika fani o‘qituvchisi Nargiza Mansurova, 12-maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi Jami Qurakbayev, 15-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Jaqsigul Aqparova, 8-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Mahliyo Rustamova, 14-maktab direktori Aqshagul Madreymova, 16-maktab direktori Raysa Jaqsilikova, 9-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Norjon Sobirova, qozoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Almat Junisov, 4-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Jamal Seytpenbetova, 7-maktabning milliy istiqlol g‘oyasi fani o‘qituvchisi Sarvar Qosimov, 3-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Mamlakat Samadovalar shular jumlasidandir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kuni-kecha o‘tkazilgan "Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" respublika ko‘rik-tanlovida 2-sonli DMTT tarbiyachisi Dilrabo Gʻaniyeva nafaqat tumanimiz balki viloyatimiz sha’nini ham munosib himoya qilib, "Eng yaxshi ixtirochi ijodkor tarbiyachi" yo‘nalishida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Muassasa jamoasini ham ixtirochi ham ijodkor tarbiyachini nufuzli respublika tanlovida qo‘lga kiritgan yutug‘i bilan samimiy tabriklayman!.
Shuningdek, 5 - sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulnoza Ro‘ziyeva, Feruza Mamanova, 14- sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Maftuna Fayziyeva, 1- sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulbahor Faxriyeva, 12- sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Zebo Sa’dullayeva, 13- sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulzoda Rajabovalar mehnati ham alohida tahsinga loyiq.
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!
Mehridaryo muallimlar
Bu bayram, avvalo Sizning bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingiz va qalb qo‘ringiz, butun borlig‘ingizni ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qilayotganingiz uchun xalqimizning hurmat va ehtiromi namunasidir.
Ulug‘ xalqimiz ustozlarni e’zozlab: “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, deyishadi. Darhaqiqat, muallim – ustoz shunday ulug‘ zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir!
Sizlarni 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat salomatlik, baxt va omad xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
Yuzingizdan, qalbingizdan doimo mehr nuri yog‘ilaversin, sharafli kasbingiz ortidan hamisha shogirdlar va el-yurt ardog‘ida bo‘ling, aziz ustozlar!
E’tiboringiz uchun raxmat!
Add new comment